Awesome Image

Hozirgi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy tarkibiy qismlaridan hisoblangan Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi 2184-2013 GOST asosida texnik sulfat kislota ( N2SO4)  ishlab chiqaradi va tabiiy uran ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo sifatida  ishlatiladi. Shuningdek, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksyadorlik jamiyati korxonalarida oltin ishlab chiqarishda hamda “Navoiyazot” AJ va “Navoiy issiqliq elektr stansiyasi” AJda ishlab chiqarish jarayonida xom ashyo sifatida ishlatiladi.
 

1981-yilda uran korxonalarini sulfat kislotasi bilan taminlash maqsadida sulfat  kislotasi ishlab  chiqarish  korxonasi qurilishi  boshlandi. 1985-yil sentabrga kelib uskunalarni o‘rnatish ishlari yakunlandi va ishga tushirildi. Ushbu ishlarda sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi texnik xodimlari bevosita ishtirok etishdi. 1985-yil 20-oktabrda 3-GMZ tarkibiy bo‘linmalaridan biri bo‘lgan SK-43 sulfat kislota ishlab chiqarishning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Uning ishlab chiqarish hajmi yiliga 500 ming tonnani tashkil etdi. Asosiy xomashyo sifatida Muborak neftni qayta ishlash zavodidan keltiriladigan texnik oltingugurt ishlatildi. 

Sex o‘z faoliyati davomida 13.4 million tonnadan ortiq sulfat kislota ishlab chiqardi.

2009-yil 1-oktabrda sex Shimoliy kon boshqarmasining mustaqil bo‘linmasi Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi (SKIChS) maqomini oldi. 

2022-yil 1-yanvardan boshlab “NKMK” AJ tarkibidan ajralib chiqib, “Navoiyuran” davlat korxonasi tarkibiga kirdi. 

Hozirgi vaqtda sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexini texnik qayta jihozlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika, texnik jarayonni avtomatik boshqarish tizimlari modernizatsiya qilindi.

Ikkilamchi resurslardan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va mahsulot tannarxini pasaytirish uchun sexda 2016-yil iyun oyidan boshlab OU 70/020 qozon utilizatordan chiqadigan 385-4000S bug‘ yordamida ishlaydigan 6 MVt quvvatga ega Hindistonning “Triven Turbines Ltd” kompaniyasi byg‘ turbinasi qurilmasi ishga tushirildi. Uning ishga tushirilishi sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexining  elektr energiyasi sarfini 80 foizga ta’minlanishiga imkon berdi.

Shuningdek, sulfat kislota ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan vanadiyli katalizatorlar o‘z resurisini o‘tab bo‘lgach ishlab chiqarishdan chiqariladi. Sexdagi mini uskunada ishlatilgan vanadiyli katalizatorlar qayta ishlanib, tarkibidagi qimmatbaho vanadiy besh oksidi (V2O5) ajratib olinmoqda.

Ko‘p millatli sex jamoasida 350 nafardan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Bu jamoa texnologiyani takomillashtirishda, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishda, mehnat unumdorligini oshirib, mahsulot tannarxini pasaytirishda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.