Awesome Image

ZIYOVUDDIN-ZIRABULOQ MAYDONI URANGA BOY HUDUD

“Navoiyuran” DK tasarrufidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” IIChMga qarashli “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi o‘zining geologiya-qidiruv ishlari orqali Qiziltepa, Koson, Muborak va Nurobod tumani hududlaridagi Ziyovuddin va Qoratepa tog‘larining yon bag‘rilaridagi uranga istiqbolli hududlarini o‘rganishni maqsad qilgan.



Shuningdek, bashorat tematik loyihalari doirasida olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlari natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan. Hozirda ushbu ekspeditsiyada o‘z faoliyatini olib borayotgan geolog va muhandis texnik xodimlar tomonidan burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. 



Joriy yilda “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan Nurobod tumanida joylashgan “Sharqiy Agron”, "Janubiy Ingichka", “Sobirsoy”, “Saxoba” maydonlarining sharqiy qismi va “Tuvaktau” maydonining shimoliy qismlari, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan “Saxoba” maydonining shimoliy qismi, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan “Tuvaktau” maydonining janubiy qismi va Koson tumanida joylashgan “Sho‘rtepa-Jarqum” ma’danli maydonlarida burg‘ilash ishlari davom etmoqda.



Geologiya qidiruv ishlari natijasida uranning bashorat resurslari va uran zaxiralarini o‘stirish asosiy maqsad etib belgilangan. Ayni paytda “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida 10 ta burg‘ilash qurilmalari mavjud. Ular yordamida o‘tgan 2023-yilda 170 ming pogona metr burg‘ilash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 240 ming pogona metrga yetkazish rejalashtirilgan.



“Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan 250 nafarga yaqin muhandis-texnik xodimlar va mutaxassis geologlar davlat mineral xom-ashyo bazasini to‘ldirish uchun qo‘yilgan maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun sidqidildan mehnat qilishmoqda.



"Navoiyuran" DK axborot xizmati