Awesome Image

YANGILANAYOTGAN KORXONADA MUSTAQILLIK SHODIYONALARI

 

Jonajon Vatanimiz–O‘zbekiston Respublikasi  o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lini boshlaganiga 33 yil to‘ldi. Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Shu bois, xalqimiz har yili ushbu shonli sanani keng tantana qiladi. O‘z ixtisosligi bo‘yicha Respublikamizda yagona bo‘lgan “Navoiyuran” DKda mustaqillik shodiyonalari barcha geotexnologik konlari,  sex va uchastkalarni qamrab oldi. 

 

Istiqlol bergan imkoniyatlar bugun har jabhada bo‘y ko‘rsatmoqda. Sanoat va ishlab chiqarish, qurilish va bunyodkorlik, ijtimoiy-ma’naviy sohalarda tub burilishlar yasalmoqda. Yangi O‘zbekistonda bo‘layotgan bunday o‘zgarish va islohotlar ayniqsa, “inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan davlat siyosati Qizilqum bag‘ridagi mo‘jazgina Zafarobod qo‘rg‘onida ham o‘z ifodasini topib borayapti. Bugungi kunda qo‘rg‘oncha aholisining 80 foizini “Navoiyuran” DK ishchi-xodimlari hamda ularning oila a’zolari tashkil etadi. Shu bois, korxona rahbariyati tomonidan Davlatimiz va Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan hududni obod  etish, aholining munosib turmush  kechirishlari  uchun qulay  shart-sharoitlar  yaratish, bir so‘z bilan aytganda,  yurtdoshlarimizning  hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan. Bu haqda qo‘rg‘ondagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazida tashkil etilgan "Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram shodiyonalari davomida ham ta’kidlandi.

 

          “Zafarobod qo‘rg‘oni aholisi va yoshlarni zarur sharoitlar bilan ta’minlash maqsadida hududdagi 16 va 28-sonli umumta’lim maktablari uchun sun’iy qoplamali zamonaviy stadionlar qurish ishlari boshlab yuborildi, - mehnat faxriysi Xayrullo O‘rinov. - Bizning Zafarobod qo‘rg‘oni ahli so‘nggi yillarda juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqda. Buni mustaqilligimizning sharofati deb bemalol aytishimiz mumkin. Boisi, men shu yerda 46 yildan buyon istiqomat qilib kelayotgan bo‘lsam, hali bunday katta islohotlar shohidi bo‘lmagan edim. Bunday o‘zgarishlar yana qo‘rg‘oncha ichki  yo‘llarini, piyodalar yo‘lakchalarini va ko‘cha yoritish tizimlarini to‘liq yangilash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlangan. Shuningdek, musiqali favvora, work out zonalari, turli xil bayram tadbirlari o‘tkazishga mo‘ljanlangan  500 o‘rinli amfiteatr qurilishi ham rejalashtirilgan. Aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib imtiyozli asosda kottedjlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, aholi uchun sifatli sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, birlamchi tibbiy sanitariya yordami, shoshilinch tibbiy yordam va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida zamonaviy reanimobil transport vositasini olib berish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan”.

 

Darhaqiqat, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirmoqda. Bu jarayon kun sayin yangi istiqbolli rejalar va amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq xalqimiz hayotida ifoda topmoqda. Barcha sohada, xususan, sanoat sohasida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar biz tanlab olgan taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri va ishonchli ekanligining amaliy tasdig‘i sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

Keksa-yu yoshni bir davraga jam qilayotgan bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda mustaqillik bergan ulug‘ ne’mat tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati xususida fikrlar bildirildi.

 

“Navoiyuran” DKda o‘tkazilgan asosiy bayram tadbirida so‘z olganlar ham bu haqda ta’kidlab, so‘nggi yillarda yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, korxonaning istiqboldagi loyihalariga to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, joriy yilga mo‘ljallangan ishlab chiqarish ko‘rstakichlari ortig‘i bilan uddalangani qayd etildi.

 

“So‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, yurtimiz tog‘-kon sanoati va geologiyasi ham ilm va texnologiya jihatidan kuchaytirilmoqda. Buning natijasida qidiruv ishlarining qamrovi kengaydi, yerosti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlandi. Ularga asoslanib, yirik korxonalar qurilmoqda, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Birgina uran bo‘yicha 27 ta yangi kon ochilib, barqaror xomashyo bazasi yaratilgani fikrimiz tasdig‘idir, - dedi korxona Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis Anvar Saparov. - Joriy yilning yanvar-avgust oylarida tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi 6,9 trillion so‘m yoki prognozga nisbatan 112 foizni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga ko‘ra 116 foizni tashkil etdi. Tabiiy uran ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichi 114 foizga bajarildi hamda o‘sish sur’ati 116 foizni tashkil etdi, burg‘ilash ishlari 109 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati esa 125 foizni tashkil etdi. Eksport hajmi ko‘rsatkichlari 173 foizga ta’minlandi va o‘sish sur’ati 169 foizni tashkil etdi. Importni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 19,4 million dollarga yoki prognozga nisbatan 101 foizga bajarildi hamda o‘sish sur’ati 243 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida 64,2 million dollarlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati qariyb ikki barobarni tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturidagi 18 ta loyiha doirasida 40,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 102 foizga bajarildi va o‘sish sur’ati 1,4 barobarga ta’minlandi”.

 

Shodiyonalar davomida korxonada ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda bayram munosabati bilan korxona ishchi-xodimlaridan bir guruhiga Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda korxona bosh direktorining Faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, “Navoiyuran faxriysi” unvonlari bilan taqdirlandilar.

 

“Men 25 yildan buyon “Navoiyuran” davlat korxonasi Uran ishlab chiqarish zavodida ishlab kelmoqdaman. Bemalol aytishim mumkinki, bu korxona, bu zavod men uchun katta tajriba, hayot maktabi bo‘ldi. – deydi Uran ishlab chiqarish zavodi texnologik laboratoriyasi kimyoviy tahlil laboranti Ro‘ziyeva Irodabonu. - Doimo ushbu kasbni tanlaganimdan faxrlanganman. Boisi, kimyoviy tahlil laboranti bo‘lish insondan katta e’tibor, ziyraklik va tajriba talab qiladi. Bugun eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida mehnatim jamoa o‘rtasida e’tirof etilib, “Navoiyuran faxriysi” unvoni bilan taqdirlandim. Bu voqea men uchun quvonchli va sharafli, shu bilan birgalikda katta mas’uliyat hamdir. Bunday e’tibor va e’zozdan mamnunman. Bu, keyingi faoliyatimga yanada kuch-g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi”.

“Bugun men uchun juda quvonchli kun. Men uzoq yillardan buyon “Zafarobod” kon boshqarmasida ishlab kelmoqdaman. - deydi “Zafarobod” kon boshqarmasi 1-sonli GTK Transport uchastkasi dispetcheri Gulsin Sugiraliyeva. - Bayram arafasida 40 yillik mehnatlarimni yuqori baholab, II darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirladilar. Buning uchun korxonamiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Bayram barchaga muborak bo‘lsin!”

 

Bo‘lib o‘tgan tadbirlarda “Navoiyuran” davlat korxonasi rahbariyati, sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylar, muhandis-texnik va ishchi-xodimlar va mahalla ahli ishtirok etdi.

 

Tantanalarning badiiy qismida san’atkorlar va badiiy jamoalarning Ona Vatan, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

 

"Bir bo‘lsak — yagona xalqmizbirlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirlari korxonaning olis cho‘l hududlarini ham qamrab oldi.

Korxonada har yili eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni arafasida arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi o‘tkazib kelinadi. Joriy yil ham mazkur an’anaga muvofiq, ana shunday pavilion tashkil etildi. Korxona oldidagi maydonda zamonaviy va bozor me’yor talablariga javob beradigan toza va ozoda rastalarda terib qo‘yilgan turli noz-ne’matlar, qishloq ho‘jaligi mahsulotlari  - poliz va sabzavotlar, ho‘l mevalar, sut va go‘sht hamda tuxum va oziq-ovqat mahsulotlari keng assortimenti xaridorlarning talab va istaklaridan kelib chiqib olib kelindi.

 

“Korxona tizimida mustaqillik bayramini keng nishonlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi Davrbek Temirov. – Bayram munosabati bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali oilalar hamda yolg‘iz pensionerlarning holidan xabar olindi. Ularga oziq-ovqat va o‘quv qurollari to‘plamlari tarqatildi, bayram dasturxonlari, turli sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. men o‘ylaymanki, ushbu ishlarimiz ishchi-xodimlarimizning bayramni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olishlariga xizmat qiladi. Ayniqsa, korxona ishchi-xodimlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish hamda jamoaga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida tashkil etilgan yarmarka o‘zining hamyonbop va maqbul narxlari hamda mahsulotlar sifati bilan ajralib turdi. Bu qulaylik va tanlash imkoniyatining kengligi ishchi-xodimlarga manzur bo‘ldi”.

 

Savdo yarmarkasida "NKMK Jamg‘armasi" davlat muassasasi Ovqatlanish kombinati, "Do‘stlik" agrofirmasi hamda xususiy tadbirkorlar ishtirok etib, ona zaminimizda yetishtirilgan ellikdan ortiq turdagi turli mahsulotlarini xaridorlarga taklif etishdi.

 

Xalqimizning erki, g‘ururi va iftixoriga aylangan eng qadrli va qimmatli bayramimiz bo‘lgan Mustaqillik ayyomi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkasi ishchi-xodimlarga qulaylik yaratish bilan birga, bayram arafasida narx-navolar mo‘tadilligini ta’minlash va aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati