“Navoiyuran” DK faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A.Tulegenova, O‘zLiDeP siyosiy kengash ijroiya qo‘mitasi setkor mudiri G‘.Turg‘unov, O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi apparat rahbari M.Eshniyozovlar ishtirokida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda “Navoiyuran” DK boshqarmasi bosh mutaxassislari, bo‘lim va xizmat boshliqlari, Uran ishlab chiqarish zavodi hamda "NKMK" AJ “1-GMZ” kon boshqarmasi rahbariyati va ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimiz tomonidan joriy yil 28 oktabr kuni imzolangan yangi taxrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi hamda yangidan qabul qilinayotgan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini ishtirokchilar e’tiboriga yetkazishdan iborat.
Ma’ruzachilar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi haqida to‘xtalib o‘tar ekan, uning ahamiyati, mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratdi. Kodeksdagi normalarning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlovchi normalar ekanligini, uni ishlash jarayonida namunaviy qonun darajasiga olib chiqilganini ta’kidladilar.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bir qator yangi tartib-qoidalarni o‘zida jamlagani bilan, bugungi kunga moslashtirilgani, qator qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi normalarga uyg‘unlashtirilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli uch barobar katta bo‘lib, 581 ta moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati