Awesome Image

YANGI KON FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

“Navoiyuran” DK “Zafarobod” kon boshqarmasining 4-geotexnologik koniga qarashli “Aktau” konining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda korxona bosh direktori J.Xasanov hamda korxona rahbariyati va muxandis-texnik xodimlar ishtirok etishdi.

Ochilish marosimida korxona bosh direktori J.Xasanov va Tomdi tumani hokimi Q.Aldabergenovlar geotexnologik kon ishchilariga tabrik yoʻllab, bugun bepoyon Qizilqum sahrosida hormay-tolmay mehnat qilib kelayotgan “Zafarobod” kon boshqarmasi jamoasi ham korxonamiz va yurtimiz taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshib kelayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni koʻpaytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari” roʻyxatida “Aktau” konida ruda qazish maydonini qurish moʻljallangan boʻlib, loyihani amalga oshirish uchun joriy yilda 2,5 mln dollari miqdorida mablagʻ oʻzlashtirildi. Ahamiyatlisi, kelayotgan 2023-yilda ham yana shuncha mablagʻ oʻzlashtirilib, loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi belgilangan.
“Aktau” konining ochilishi umumiy hisobda korxona tasarrufidagi yigirmanchi kon boʻlib, uning zaxiralari dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 15-yilga yetadi. Shuningdek, korxonamizning 2023-yil ishlab chiqarish hajmiga 1,9 % hissa boʻlib qoʻshiladi. 

“Aktau” koni 4-Geotexnologik koni bazasidan ishchilar qoʻrgʻonchasigacha boʻlgan masofa 45 kilometrni tashkil qiladi. Shuningdek, Zarafshon shahridan 60 kilometr, Uchquduqdan 160 kilometr uzoqlikda boʻlib, Qizilqum choʻllarining orasida, yozi issiq, qishi sovuq boʻlgan hududda joylashgan. Konning foydalanishga topshirilishi bilan ushbu jihatlar ham alohida eʼtiborga olindi. 

Bugungi kunda “Aktau” konida zamonaviy ishchilar qoʻrgʻonchasi qurildi. Unda 40 kishiga moʻljallangan zamonaviy jihozlangan oshxona, tibbiyot xonasi, ishchilar kiyinish va yuvinish xonalari, dam olish vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun maʼnaviyat va sport xonalari, yozgi dam olish ayvoni qurildi. Qoʻrgʻoncha atroflari obodonlashtirilib, hududda koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi hamda manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Mazkur geotexnologik kon tasarrufidagi “Aktau” koni maydoni nafaqat qumliklar, iqlim sharoitlari, balki ruda konlarining 500 metrgacha chuqurligi bilan ham murakkabdir. 

Ushbu kon istiqbolli maydon boʻlib, 2021-yildan dastlabki tajriba-sanoat ishlari olib borildi va tajriba-sanoat ishlari natijasiga koʻra, ishlab chiqarishda foydali deb topildi. Shunday qilib, 2022-yilning avgust oyidan “Aktau” konida burgʻilash ishlari boshlab yuborildi. Hozirda konda 4 ta burgʻilash qurilmasi ishlamoqda va tayyor burgʻilangan quduqlarda metall olish uchun passiv oksidlash jarayoni olib borilayapti. Joriy yil soʻnggiga qadar tayyor quduqlar soni 25 taga yetkaziladi. 
Shuningdek, konning birinchi bosqichida 20 ta ish oʻrni yaratildi. Ahamiyatlisi, kon toʻliq siklda ishga tushishi bilan yana 74 kishining bandligi taʼminlanadi. 

Tadbir davomida Ishchilar qoʻrgʻonchasi qurilishida faol ishtirok etgan “Zafarobod” kon boshqarmasi 4-sonli Geotexnologik konining Transport uchastkasi, Maʼmuriy-xoʻjalik qismi, Taʼmirlash-mexanika uchastkasi, Taʼmirlash-energetika uchastkasi, shuningdek 6-sonli Avtomobil bazasi va Taʼmirlash-qurilish uchastkasi hamda “Aktau” konida mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlarga korxona rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirildi. 

Bir guruh ishchi-xodimlarga bosh direktorning tashakkurnomalari va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tantanali marosim yakunida bayramona dasturxon yozilib, osh tortildi. 

“Navoiyuran” DK axborot xizmati