Awesome Image

“Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag'ishlab tadbir o‘tkazildi

“Navoiyuran” davlat korxonasida 16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir hamda konsert dasturi o‘tkazildi.



Tadbirda korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan rus, qozoq, tatar, ozorbayjon, arman, qirg‘iz, koreys millatiga mansub ishchi-xodimlar hamda taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdilar.



Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlikni hamda diniy bag‘rikenglikni keng targ‘ib etish, yoshlar va ishchi-xodimlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratishdan iborat.



Tantana avvalida mehmonlar o‘zbek, rus, ingliz va tatar tillarida tabriklanib, ularga ezgu niyatlar bildirildi.



- BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997-yildan buyon butun dunyoda har yili 16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Shuningdek, bizning mamlakatimizda, xususan, korxonamizda ham bu sana birdamlik, o‘zaro mehr-oqibat ramzi sifatida bayramona tarzda nishonlanadi. Qolaversa, “bag‘rikenglik haftaligi” doirasida turli tadbirlar faol va uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi, - deydi korxona Xotin-qizlar Kengashi raisi D.Xusanova.



Tadbirda turli millat vakillaridan iborat badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan kuy-qo‘shiq va raqslar, laparlar ijro etildi. Shuningdek, milliy urf odatlarni o‘zida aks ettirgan buyumlar, kiyim-kechaklar va milliy taomlarning ko‘rgazmalari va konsert dasturlari namoyish etildi.



"Navoiyuran" DK axborot xizmati