O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qaroriga asosan "UzAssets" investitsiya kompaniyasi" AJga mazkur qarorda nazarda tutilgan yirik korxonalar va tijorat banklarini isloh qilish vazifalari yuklatilgan. Jumladan, “Navoiyuran” davlat korxonasi ham shunday korxona sanaladi.
Shu maqsadda, “UzAssets” AJ boshqaruvi hamda mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh transformatsiya qilish boʼyicha olib borilayotgan ishlarni oʼrganish hamda ko'maklashish maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasida boʼlishdi.
Dastlab, “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayev va "UzAssets investitsiya kompaniyasi" AJ boshqaruv raisi Bobur Abdinazarovlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda jamoa aʼzolari bugungi kunda korxonada olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirib oʼtishdi.
Shuningdek, strategik boshqaruv hamda qisqa, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik biznes rejalarni tuzish, korxona oldida turgan vazifalar hamda transformatsiya masalalari muhokama etildi. Ushbu masalalar yuzasida Ishchi guruh tomonidan tegishli tushuntirish hamda tavsiyalar berildi.
Shuningek, Aksiyador kutilmalarini bajarishda xususan, korxona daromadlarini oshirishda hisob siyosati, boshqaruv hisobi hamda xatarlarni boshqarish tizimini tashkil qilishning muhim jihatlari aniq korxonalar misolida ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʼz oldilariga qoʼyilgan masalalarni hal etish hamda grafik asosida kelgusi uchrashuvlarda belgilangan rejalar natijasi boʼyicha muhokama oʼtkazilishiga kelishib olindi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati