24 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari va “Navoiyuran” DK rahbariyatidan iborat bo‘lgan delegatsiya Fransiyaning “Orano Group” sanoat guruhi rahbarlari va vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida Parijga (Fransiya) tashrif buyurdi.
Xizmat safari davomida Kuzatuv kengashi raisi Omonullo Nasritdinxo‘jaev va “Navoiyuran” DK bosh direktori Jahongir Xasanov hamkorni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 - 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq korxona transformatsiya doirasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirishdi.
Muzokaralar davomida, Fransiya va O‘zbekiston tomonlari “Nurlikum Mining” qo‘shma korxonasidagi ulushlarni o‘tkazish, konlarni hamkorlikda o‘zlashtirish uchun “yo‘l xarita”larini yaratish, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va “Navoiyuran” DKdagi mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik hamkorlik kelishuviga erishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan yurtimizda Fransiyaning moddiy-texnik bazasini va professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda geologiya va tog‘-kon sanoati yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi Fransiyaning ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan birining filialini, shuningdek, qazib olish metallurgiya innovatsion markazi filialini tashkil etish bo‘yicha taklif bildirildi.
Shuningdek, xizmat safari doirasida uran qazib olish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Lodeve shahridagi uran rekultivatsiyasi inshootlariga, Malvezi va Trikastendagi uran konversiyasiga hamda kon-metallurgiya innovatsiya markaziga tashrif buyurdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu amaliy tashrif o‘zining samarali kelishuvlarga boyligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati