Ma’lumki, Davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-sonli muhim tarixiy qarorida xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda geologiya, qazib olish va qayta ishlash jarayonlarining operatsion samaradorligini oshirish hamda texnik-texnologik jihozlanganlik holatini yaxshilash maqsadida texnik auditdan o‘tkazish, konsalting kompaniyalar tomonidan berilgan tavsiyalar va ko‘rsatmalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish belgilandi.
Korxonaning 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasini va operatsion samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish ham transformatsiya jarayonlarining eng muhim bosqichlaridan biridir. Rivojlanish strategiyasi - bu belgilangan maqsadlarga erishishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasi bo‘lib, u turli vaziyatlarda harakatlar algoritmlarini umumlashtirishda va korxonaning muvaffaqiyatga erishishida muhim ahamiyatga ega. Strategiya yordamida korxonaning istiqboldagi harakat yo‘nalishi aniq ko‘rsatib beriladi va bu korxonaning raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
Mazkur yo‘nalishda “McKinsey & Company” va “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi hamda kompaniyalar mutaxassislari tomonidan berilgan tavsiyalar asosida shartnoma shartlarini belgilovchi texnik topshiriq loyihasi ishlab chiqildi va o‘rnatilgan tartibda kompleks ekspertizadan o‘tkazildi.
Shu maqsadda “Navoiyuran” DK tomonidan tender o‘tkazilib, qarorda qo‘yilgan talablarga javob beradigan ushbu xalqaro konsalting va rekruting kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi va transformatsiya jarayonida ishtirok etish uchun tanlab olindi. Tender natijalariga ko‘ra, “McKinsey & Company” g‘olib deb topildi va korxona g‘olib kompaniya bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda korxonaning 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasini va operatsion samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
✍️ “Navoiyuran” DK axborot xizmati