Joriy yilning 23 – 31 avgust kunlari “Navoiyuran” DK bosh direktori Djamal Fayzullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lishdi.
Tashrif davomida Xitoy Xalq Respublikasi Atom energetikasi agentligi hamda Xitoy Energetika boshqarmasi rahbariyati bilan ushrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, jumladan 2024-yilning yanvar oyida davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan tashriflari davomida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining uran yo‘nalishi bo‘yicha yirik korporatsiyalari o‘rtasida imzolangan kelishuvlar muhokama qilindi.
Tashrif davomida “Navoiyuran” DKning mutaxassislari China National Uranium Corporation (CNNC) korporatsiyasi tarkibidagi “BRICEM CNUC” (geologiya) va “BRIUG CNUC” (texnologiya) ilmiy markazlariga tashrif buyurishib, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tatbiq etilgan texnologiyalar bilan tanishishdi.
Xorijiy safar davomida CNNC korporatsiyasi tarkibidagi uran mahsulotini konversiya qilish va boyitish, atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish majmualari faoliyati hamda korporatsiyada qo‘llanilayotgan yangi innovatsion texnologiyalar bilan ham tanishildi. Shuningdek korporatsiya rahbariyati bilan ushbu texnologiyalarni respublikamizda joriy qilish orqali qo‘shimcha qiymatli mahsulot yaratish borasida muzokaralar olib borildi.
Xizmat safari yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiyuran” DK hamda CNNC korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi CNUC kompaniyasi bilan respublikamizda istiqbolli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv hamda uran va boshqa foydali elementlarni qidirish hamda ajratib olish bo‘yicha Innovatsion ilmiy-texnologik markazni yaratish bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning sentyabr oyida CNNC korporatsiyasi vakillarining O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurishi hamda ishlarni boshlashga kelishib olindi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati