Awesome Image

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASINING 2022 YIL DAVOMIDAGI FAOLIYaTI YaKUNLARI VA 2023 YILNING PROGNOZ KO‘RSATKIChLARI MUHOKAMA ETILDI

Joriy yilning 6-yanvar kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanov raisligida 2022-yil davomidagi korxona faoliyatining yakunlari va 2023-yilga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bosh direktor o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, korxona bo‘linmalarining bosh muhandislari va o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislari, bo‘limlar va xizmatlar boshliqlari, shuningdek, geologiya qidiruv ekspeditsiyalar rahbarlari ishtirok etishdi. 

Dastlab, bosh direktor korxona va uning tarkibiy bo‘linmalarining 2022-yil davomidagi ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari va joriy yil ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlashda ro‘y bergan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, 2023-yilda barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish hamda 2030-yilgacha korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash borasida muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘z vaqtida va tezkor samarali operatsion faoliyatni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. 

Yig‘ilishda korxonaning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va texnologik jarayonlarni tashkil etish natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. 

Shuningdek, yig‘ilishda bosh direktor o‘rinbosarlari, direktorlar, boshqarma hamda ishlab chiqarish maydonlari, geotexnologik konlar boshliqlari, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi boshlig‘i, geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Xususan, 2023 yilning, jumladan 1-chorak ishlab chiqarish dasturida belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarilishini so‘zsiz ta’minlashda qo‘llanilayotgan chora-tarbirlarni amalga oshirishda geotexnologik kon rahbariyatining shaxsiy javobgarligi, “2022 yil mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash” Davlat dasturini bajarilishida ro‘y bergan qoloqlik, ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan asosiy kimyoviy reagentlar, shu jumladan sulfat kislotasi va texnik oltingugurt bilan ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish, tovar-moddiy zahiralarni, shu jumladan investitsiya loyihalari uchun jihozlarni o‘z vaqtida yetkazib berish, korxonaning 2023-yil, jumladan 1-chorakda eksportning belgilangan ko‘rsatkichlarini bajarilishini so‘zsiz ta’minlash, kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish va ob’ektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
319-sonli qarorida ko‘rsatilgan uran qazib olish va qayta ishlash talablari va shartlariga muvofiq, korxonaning 2023-yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 15 ga yaqin masalalar ko‘rib chiqildi va muhokama etildi. 

Bundan tashqari, barcha ishlab chiqarish maydonlari va geotexnologik konlari rahbarlari 2023-2030-yillarda ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirilishini ta’minlash maqsadida barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berishdi. 

Muhokamalar jarayonida 2023-yil ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ta’minlash maqsadida har bir yo‘nalishlar bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, 2023-2030-yillarda barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish hamda korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan aniq choralar tahlil etildi hamda ularning ijro mexanizmlari bo‘yicha takliflar bildirildi hamda investitsiya dasturida belgilangan loyihalarning bajarilishini haftalik videoselektor yig‘ilishlarida muhokama etib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish so‘ngida korxona faoliyati samaradorligini oshirish, joriy yilga mo‘ljallab tasdiqlangan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab olindi. 

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati