Awesome Image

“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan korxona yoshlariga bayram tabrigi

 
 

“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASI YOSHLARIGA!

Hurmatli yoshlar, korxonamiz kelajagi poydevorlari!

30 iyun — Yoshlar kuni bilan korxonamizda mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha navqiron avlod vakillarini, kelajagimiz egalarini muborakbod etaman. Hech shubhasiz, ushbu ayyom O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga yanada chuqur mazmun va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.

Bugun Davlatimiz Rahbari tomonidan mamlakatimizda zamonaviy bilim, malaka, yuksak ma’naviyatga ega, g‘ayratli va ulug‘ maqsadli yoshlarni tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning munosib ta’lim-tarbiya olishi, ijodiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, yurt kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Korxonamizda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, madaniy-ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Yoshlarga oid davlat siyosati dasturi doirasida yosh muhandis-texnik xodimlarimizning yangi loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, ularni amaliyotga tatbiq etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyovning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Aziz yoshlar!

Buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, Yangi O‘zbekistonimizning yangidan yangi marralarini zabt etishingizdan umidvormiz. Bu yo‘lda barcha darajadagi rahbarlar sizga hammaslak va ko‘makdosh bo‘ladi.

Yosh bo‘lish-bu har bir yangilikka ochiq bo‘lish, bilimga intilish, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik, faol bo‘lish demakdir. Davlat va jamiyat taraqqiyoti mamlakatimizning yetakchi kuchi – yoshlarni tarbiyalash, uning vatanparvarlik va kasbiy mahoratini oshirish bilan chambarchas bog‘liq.

“Navoiyuran” davlat korxonasi ham bundan mustasno emas – O‘zbekistondagi uran qazib oluvchi yirik korxonamizda ikki ming nafarga yaqin barkamol va mard yoshlar mehnat qilmoqda. Shunday ekan, korxonamiz kelajagi ishonchli qo‘llarda, yillar davomida shakllangan ezgu an’analar davom ettirilib, boyib boraveradi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Sizlar mustaqil O‘zbekiston farzandlarisiz, sizlarning tashabbus va g‘oyalaringizsiz biz rivojlana olmaymiz.

Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda korxonamizga ham katta talablar qo‘yilmoqda. Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganidek, ularni hayotga tatbiq etish uchun “samarali fikrlashimiz, temir intizomimiz, sabr-toqatimiz va shaxsiy mas’uliyatimiz eng samarali qurolimiz bo‘lishi kerak”. Ishonchim komilki, korxonamiz yoshlari ana shunday fazilatlarga ega va korxonamiz oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda asosiy ishtirokchi bo‘ladi.

Hurmatli yoshlar!

Biz ishlab chiqarishda, sportda, ijodda katta istiqbol ko‘rsatayotgan korxonamiz yoshlarining ko‘plab vakillari bilan faxrlanamiz. Muvaffaqiyat sari yo‘lda keksa avlod namunasi, tajribasi va donoligi sizga yordam bersin. O‘z oldingizga yuksak maqsadlarni qo‘ying va ularga erishing, yangi marralarni zabt eting, buyuk xalqimiz, Vatanimiz shon-sharafi yo‘lida o‘qib, mehnat qiling!

Sizga mustahkam sog‘liq, kasbiy rivojlanish va baxtu iqbol tilayman!

 

Djamal Fayzullayev,

“Navoiyuran” davlat korxonasi

Bosh direktori