Joriy yilning 9-iyul kuni “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev raisligida korxonaning 2024-yil 1-yarim yillikdagi ishlab chiqarish faoliyati yakunlari hamda 2024-yil uchun belgilangan prognoz ko’rsatkichlarini so’zsiz bajarilishiga oid asosiy vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, korxona Bosh direktori Dj.Fayzullayev korxonaning 2024-yil 1-yarim yillikda ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari hamda 2024-yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi borasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, uran ishlab chiqarish davlatimiz tomonidan belgilab berilgan reja 110 foizga bajarildi, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 112 foizni tashkil etdi. Geologiya ‑ qidiruv ishlar prognoz ko‘rsatkichi 122 foizga bajarilib, o‘sish sur’ati 157 foizni, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash hajmi 122 foizga, o‘sish sur’ati 111 foizga va uran qazib olish 111 foiz o‘sish sur’ati bilan 105 foizga bajarildi. Natijada eksport hajmi ko‘rsatkichlari 183 foizga, o‘sish sur’ati bilan 167 foizga bajarildi.
Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish doirasida korxonada 207 foizga bajarildi, 48,5 mln dollar kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi va 48 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturidagi 16 ta loyiha doirasida 32,9 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichi 102 foizga bajarildi, o‘sish sur’ati 146 foizni tashkil etdi.
Korxona rahbari, o‘z so‘zida avvalo, ishlab chiqarishdagi muammo va dolzarb masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Shundan so‘ng, korxonaning 2024-yil 1-yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlar natijalari hamda joriy yilda ishlab chiqarish dasturidagi ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarilishini ta’minlash va barqaror rivojlanish uchun zamin yaratishiga qaratilgan choralar to‘g‘risida hisobotlar tinglandi.
Xususan, Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari - bosh muhandis A.Saparov korxonada uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining 1-yarim yillikda bajarilishi natijalari hamda korxonaning yaqin istiqboldagi rejalari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Belgilangan mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar va ko‘rilayotgan choralar muhokama etildi.
Muhokamalar jarayonida “Zafarobod” kon boshqarmasi direktori O.Ruziyev geotexnologik konlarda 2-yarim yillikda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hisobot berdi. Shuningdek, geologiya bo‘yicha direktor Sh.Jo'rayev joriy yil ikkinchi yarim yilligida 906 ming metrdan ortiq jami 25 ta ob’ektlarda burg‘ilash ishlarini bajarish, geologiya-qidiruv ishlari natijasida uran zaxiralarini 2024-yil yakuni bo‘yicha jami 8 025,0 tonna va uranning bashorat resurslarini 10 ming tonnaga o‘stirish belgilanganligi, bundan tashqari, Shimoliy Bukinoy, Aktau, Aulbek, Nurkon, Moybuloq konlari bo‘yicha yakuniy geologik hisobotlar tuzilib, Davlat zaxiralari komissiyasida jami 22 000 tonna uran zaxiralarini tasdiqlash rejalashtirilganligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.
Yig‘ilishda Bosh direktor tomonidan joriy yil, jumladan 2-yarim yillikda belgilangan geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari ko‘rsatkichlari hamda ishlab chiqarish dasturidagi parametrlarni bajarish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bajarilishida ta’minotdagi mavjud muhim masalalar yechimining natijadorligi hamda 2-yarim yillikdagi rejalar, xususan, asosiy kimyoviy reagentlar, zarur bo‘lgan tovar-moddiy boylik va ehtiyot qismlar bilan o‘z vaqtida uzluksiz ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Bu borada ta’minot bo‘yicha direktor L.Xamidovga tovar-moddiy boyliklari, ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq zaruriy ehtiyot qismlar, shu jumladan burg‘ilash uskunalarini hamda investitsiya loyihalari uchun jihozlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralarini ko‘rish vazifalari topshirildi.
Korxona rahbari kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilarga va har bir tarkibiy bo‘linma rahbarlariga bir qator topshiriqlar berib, uning ijrosi qat’iy nazoratga olinishi belgilandi. Xususan, 23 ta burg‘ilash uskunasini olib kelishni hamda dizel elektr stansiyalarini va boshqa zarur tovar moddiy boyliklarini xarid qilinishini tezlashtirish, Uran ishlab chiqarish zavodidagi pechni qayta rekonstruksiya qilish bo‘yicha zarur bo‘ladigan ehtiyot va butlovchi qismlar olib kelish va qisqa muddatda foydalanishga topshirish, Xitoyning CNUC kompaniyasi bilan imzolangan Strategik kelishuvga muvofiq qabul qilingan “Yo‘l xaritalari” ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, xalqaro kompaniyalar bilan geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma korxonani tashkil etish, “Ma’danli”, “Jantuar” va “Koscheka” konlari ma’danlarini qayta ishlashning optimal texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tajriba-sinov ishlarini olib borish bo‘yicha texnologik namunalarni xitoylik hamkorlarga jo‘natish, geologiya-qidiruv ma’lumotlarini raqamlashtirish bo‘yicha “qora slanes” turdagi “Jontuar”, “Koscheka” hamda “Ma’danli” konlarining 3D modellarini yaratish, ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatib borish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish choralarini ko‘rish vazifalari qo‘yildi.
Bundan tashqari, korxonaning har bir tarkibiy bo‘linmalari tomonidan birinchi navbatda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, jumladan, ishlab chiqarishdagi geotexnologik burg‘ilsh ko‘rsatkichlarini bajarish, korxona faoliyati samaradorligini oshirish, joriy yilga mo‘ljallab tasdiqlangan barcha ishlab chiqarish, investitsiya hamda eksport ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, geologiya-qidiruv, mahalliylashtirish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati