O‘tgan hafta oxirida Navoiy viloyatida "Madaniyat karvoni" va “Ma’naviyat festivali” doirasida “Yangi O‘zbekistonda El aziz, inson aziz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlariga start berilgan edi. Bugun ana shunday tadbirlardan biri "Navoiyuran” DK faollar zalida ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirga poytaxtimizdan tashrif buyurgan, adabiyot, san’at va madaniyat namoyondalaridan iborat mehmonlar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasi asosida amalga oshiriladigan islohotlar mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida islohotlarga dahldorlik, ular orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirishdan iborat.
Muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik siyosati yoshlarga kuch-quvvat va kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlayotgani ta’kidlandi. Bunday samimiy va ochiq muloqotlar yanada ko‘proq tashkillanishi maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida elimiz ardog‘idagi san’at ustalarining chiqishlari korxona ishchi-xodimlariga xush kayfiyat ulashdi.
Ushbu tadbir yurtdoshlarimiz qalbidagi tinch, obod va to‘kin Vatanda ahil, inoq yashayotganidan minnatdorlik, faxr-iftixor tuyg‘usini yanada mustahkamlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida korxona bosh direktori J.Xasanov barcha ishtirokchilarni va mehmonlarni qutlab, esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari Navoiy viloyatida 9 noyabrga qadar davom etadi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati