O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi 319-sonli qarorida "Navoiyuran" davlat korxonasining korporativ boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish vazifasi belgilab berilgan bo ‘lib, bugungi kunda korxonada raqamlashtirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, "UzAssets" AJ tomonidan korxonada resurslarni konsolidatsiya, ishonchlilik, ma'lumotlarning xavfsizligini va axborot texnologiyalarining samaradorligini oshirish, vaziyatlar markazi hamda ma'lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish kabi bir qator vazifalar belgilangan.
Joriy yilning 4-5 noyabr kunlari Toshkent shahrida yuqorida ko'rsatib o‘tilgan jarayonlar bilan bog‘liq faoliyat olib boruvchi mutaxassislar uchun muhim bo‘lgan professional xalqaro tadbir Eurasia Data Center & Cloud Forumi o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda korxona axborot texnologiyalari va raqamlashtirish sohasi vakillari, xususan, Axborot texnologiyalari va raqamlashtirish boʼyicha direktor Javoxir Hafizov, Bosh direktorning raqamlashtirish boʼyicha maslahatchisi Ilyas Ujaxov, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari markazi boshligʼi oʼrinbosari Behzod Nosirovlar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirda ma’lumotlar markazi infratuzilmasini rivojlantirish, hozirgi muammolar, istiqbollar va xavf omillari, zamonaviy yondashuvlar va IT yechimlar bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o'tdi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati