“Navoiyuran” davlat korxonasida 11-noyabr- O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda korxona boshqarmasi va Uran ishlab chiqarish zavodi rahbariyati, muhandis-texnik xodimlari hamda kasaba uyushmasi faollari, shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etishdi.
Tantana avvalida korxona Bosh direktori Djamal Fayzullayevning sana munosabati bilan mehnat jamoasiga yo‘llagan bayram tabrigini Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis Anvarjon Saparov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, korxonada 28 ta kasaba uyushmalari o‘z safida 9300 nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Bugungi kunda kasaba uyushmalari korxonaning huquqiy-ijtimoiy va mehnat sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishda har tomonlama ishtirok etish uchun yuqori tajriba va tashkiliy salohiyatga ega bo‘lgan tuzilma sifatida mustahkamlanib bormoqda.
Ishchi-xodimlar uchun teng imkoniyatlarni yaratish maqsadida joriy yilning 9 oyi davomida korxona va ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan 1643 nafar ishchi-xodimlarga va 185 nafar pensionerlarga yo‘llanmalar ajratilib, sog‘liqlarni tiklash uchun sanatoriy-profilaktoriyalarga yuborildi. Shuningdek, korxona ishchi-xodimlarning farzandlari uchun 1690 nafari respublika miqyosidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishlari ta’minlandi.
Yil davomida turli bayram sanalariga bag‘ishlab, 1330 nafar ishchi xodimlar va pensionerlar uchun Respublikamizning Toshkent, Buxoro, Xiva, Samarqand, Shahrisabz kabi shaharlari, Sentob turizm qishlog‘iga turistik sayohatlar tashkillashtirildi.
Kasaba uyushmasi budjeti mablag‘lari va birdamlik fondi hisobidan kam ta’minlangan, ehtiyojmand, yordamga muhtoj ishchi-xodimlar va pensionerlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Buning uchun 713,4 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.
Shodiyona davomida kasb bayrami munosabati bilan hamda korxona xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, shuningdek, korxonaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgani uchun “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining bir guruh xodimlari “Navoiyuran Faxriysi” unvoni, "Konchilik shuhrati" ko'krak nishoni, korxona faxriy yorlig‘i va tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbirining eng ahamiyatli jihatlaridan biri har yili an’anaviy tarzda NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan ko‘rik tanlovlar natijasi sarhisob qilinadi. Bu gal ham eng faol ishchi-xodimlar rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xususan, “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha eng yaxshi vakil” ko‘rik tanlovida “Zafarobod” kon boshqarmasi 2-sonli geotexnologik koni Ta’mirlash va energetika uchastkasi elektromonteri A.Ahmadjonov (rag‘batlantiruvchi sovrin), Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatikasi Markaziy laboratoriyasi ishlab chiqarishni metrologik ta’mirlash nazorat o‘lchov asboblari bo‘yicha chilangar J.Mayemgenov (3-o‘rin), “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha “Ishning eng yaxshi tashkilotchisi, qonunlar va qoidalar bilimdoni” ko‘rik-tanlovida “Zafarobod” kon boshqarmasi Ta’mirlash-mexanika sexi qozonxona payvandlash uchastkasi ustasi D.Norqulov (rag‘batlantiruvchi sovrin), “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi suvni tayyorlash, suv bilan ta’minlash va mazut xo‘jaligi bo‘yicha 2-sonli texnologik uchastkasi suvni tuzsizlantirish apparatchisi R.Xaydarov (3-o‘rin), “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” ko‘rik tanlovida “Eng yosh geolog” nominatsiyasi g‘olibi “Navoiyuran” davlat korxonasi boshqarmasi geotexnologik bo‘limi muhandis-geotexnologi O.Shukirovlar munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
Bayram tadbirida NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi o‘rinbosari O.Temirov korxona jamoasini bayram bilan tabrikladi.
Shuningdek, korxonada ishchi-xodimlar uchun zarur mehnat sharoitlari yaratilgani uchun hamda Jamoa shartnomasida belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z muddatida bajarilgani munosabati bilan “Navoiyuran” DK Bosh direktori Dj.Fayzullayevga NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining Tashakkurnomasini topshirdi.
Mazkur Tashakkurnomani korxona Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis A.Saparov qabul qilib oldi.
Bayram shodiyonalari “Farhod” madaniyat saroyi va “Yoshlik” madaniyat markazining xonandalari, badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert bilan davom etdi.