Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan qomus. U xalqimizning irodasi, ruhiyati, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirishi bilan birga xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli bo‘lgan asosiy qonun hamdir.
Bugun respublikamizning barcha go‘shalarida Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 30 yilligi keng nishonlanmoqda. Xususan, “Navoiyuran” DKda ham ushbu ayyom munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda korxona rahbariyati, bo‘lim va xizmat boshliqlari, muhandis-texnik xodimlar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirni "Navoiyuran" davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanov kirish so‘zi bilan ochib, barcha xodimlarni bayram bilan muborakbod etdi hamda bosh Qomusimizning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, shuningdek, poyoniga yetib borayotgan joriy yilda olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan korxona xodimlarining bir guruhi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbir davomida yuqoridagi yutuq va marralarni zabt etishga Konstitutsiyamizning fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish maqsadlariga qaratilgan tamoyillari asos bo‘layotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Bayram tadbiri "Farhod" madaniyat saroyi hamda "Yoshlik" madaniyat va sport markazi badiiy jamoalarining konsert dasturiga ulanib ketdi.