Awesome Image

ISHLAB CHIQARISHGA ILMIY YONDOSHUV SAMARADORLIK OMILI

 

“Navoiyuran” DKda Geologiya fanlari universiteti “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi bilan hamkorlikda ilmiy-texnik kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda korxona bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandis V.Nazarov, bo‘lim va xizmat boshliqlari, O‘zFA Navoiy bo‘limi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda institutning ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.

 

Ma’lumki, “Qumtoshli” turidagi uran konlarini o‘zlashtirishda yo‘ldosh foydali komponentlarni (lantanoidlar) ajratib olish istiqbollarini o‘rganish yo‘nalishida bir qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Xususan, mazkur yo‘nalishda “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi mutaxassislari tomonidan takliflar berildi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Qumtoshli” va “Qora slanes” turidagi uran konlari ma’danlaridan kamyob metallarni ajratib olish bo‘yicha bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, “uranni yer ostida tanlab eritish eritmalaridan kamyob yer elementlarini (KEE) ajratib olishning optimal texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha laboratoriya sinovlarini o‘tkazish”, “KEElari kollektiv boyitmasining tajriba partiyasini olish uchun yarim sanoat tajriba sinovlarini o‘tkazish”, “KEElarini selektiv ajratish bo‘yicha tajribalar o‘tkazish va o‘tkazilgan tajriba sinovlari natijalari asosida KEElari xomashyosini sanoatga jalb qilish bo‘yicha texnologik reglament ishlab chiqish”, “texnologik reglament asosida KEElarni sanoatda o‘zlashtirish imkoniyatlarini texnik-iqtisodiy baholash ishlarini o‘tkazish” kabi ilmiy-tadqiqotlar va ularning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Korxona rahbariyati tomonidan ushbu taqdimotlarda nazarda tutilgan ilmiy asoslangan takliflar atroflicha muhokama etilib, kelgusida institut ilmiy xodimlari bilan tabiiy uran konlari ma’danlari tarkibidan kamyob yer elementlarini ajratib olish miqdorini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

 

“Navoiyuran” DK axborot xizmati