Ijro intizomi — davlat organlari va tashkilotlarining ish samaradorligini ta’minlovchi eng muhim hamda asosiy faoliyat ko‘rsatkichlaridan biri ekanligi hech kimga sir emas. Shu bois, jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat organlari va tashkilotlarning barcha bo‘g‘inlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6166-sonli Farmoni bilan ijro intizomi — har qanday davlat organlari va tashkilotlarning ish samaradorligini ta’minlovchi eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri ekanligi huquqiy tasdiqlandi.
Haqiqatdanam, bugungi kunda respublikada uran ishlab chiqarishni oshirish chora-tadbirlari rejasini amalga oshirishda dolzarb masalalarni belgilash, tegishli yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish hamda Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni bajarishda “Navoiyuran” davlat korxonasi mustaqil korxona sifatida ish faoliyatini boshlagan kunidan korxonaning barcha bo‘g‘inlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bog‘liqligini amaliyot ko‘rsatdi.
Bugungi kunda, yuqoridagi hujjat ijrosini ta’minlash hamda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha korxonada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish maqsadida, “ijro.gov.uz” elektron tizimidagi topshiriqlarning amalga oshirish mexanizmlarini muhokama etish yuzasidan har hafta korxona rahbari tomonidan yig‘ilishlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ijro intizomini yanada mustahkamlash va 2024-yildagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlarning kunbay tahlili tasdiqlangan kalendar grafiklar asosida olib borilmoqda.
Agar tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, hisobot davri mobaynida “ijro.gov.uz” elektron tizimida “Navoiyuran”DK mas’ul etib belgilangan topshiriqlar soni jami
262 tani tashkil etib, shundan muddati yetib kelgan 165 ta (100%) topshiriq bajarilgan.
Bundan tashqari, bugungi kunda “ijro.navoiyuran.uz” ijro intizomi nazorati elektron hujjat aylanish tizimi to‘liq ishga tushirildi hamda 975 nafar xodim ushbu tizimga ulandi. Shulardan, 235 tasi boshqarma xodimlari hisoblanib, qolgan 740 tasi esa tarkibiy bo‘linmalardagi muhandis-texnik xodimlarni tashkil etadi.
Korxonaning tarkibiy bo‘linmalari olis hududlarda joylashganini inobatga olsak, hujjat aylanish hamda belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishda tizimli nazoratning yo‘lga qo‘yilishi qisqa vaqt ichida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsata boshladi.
Ayniqsa, normativ hujjatlar – buyruqlar, yig‘ilish bayonnomalari va boshqa shu kabi hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishilishi bo‘yicha kiritilgan hujjatlarning aylanish davri sezilarli darajada qisqardi.
Shuningdek, har kuni ijro muddati yaqinlashayotgan hujjatlar tahlil qilinib, tegishliligiga qarab direktorlar kotibiyatlari, departament, boshqarma, bo‘lim va xizmat boshliqlariga vazifalarning bajarilish holati bo‘yicha ogohlantirishlar berib borilmoqda.
Har qanday sohaning istiqboli malakali kadrlar va ularning tajribasiga bog‘liq. Shuning uchun ham, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi tashkilot hamda korxonalarda ijro intizomiga mas’ul xodimlar uchun treninglar o‘tkazilib borilmoqda.
Unda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan ijro-intizomiga mas’ul tuzilmalar xodimlari ishtirok etmoqda.
Treninglarda hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish va ijro intizomini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish, O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini, Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish, rayosat yig‘ilishi bayonlari va boshqa normativ hujjatlardagi topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, to‘laqonli va sifatli ta’minlash hamda ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan barcha darajadagi rahbar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish zarurligi qayd etib borilmoqda.
Interaktiv usulda arxiv hujjatlari, elektron hujjat almashinuvi, tizim tashkilotlarida kuzatilayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish, o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish borasida ham fikrlar almashilmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Navoiyuran” davlat korxonasida uran ishlab chiqarishni jahon talablari darajasida faoliyat yuritilishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda asosiy vazifamiz, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijro intizomini ta’minlash, har birimiz o‘z vazifamizga sidqidildan yondashish hamda “korxonada ijro intizomisiz taraqqiyot bo‘lmaydi” degan shior bilan har kunlik ish jarayonimizni olib borish zarurligini talab etmoqda.
Nargiza Kenjayeva,
“Navoiyuran” DK
hujjatlar ijrosini nazorat
qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig’i