Joriy yilning 20-21 oktabr kunlari Navoiy shahrida tog‘-kon metallurgiyasi, elektrotexnika, kimyo sanoati va qurilish materiallariga ixtisoslashgan hudududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu sanoat yarmarkasining rasmiy tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi N.Tursunov so‘zga chiqib, bugungi tadbirning maqsadi va Navoiy viloyatining iqtisodiy-investitsion salohiyati, imkoniyatlari va sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, "NKMK" AJ Boshqaruvi raisi-Bosh direktori Q.Sanaqulov ham yarmarkaning tarmoq rivojidagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida 1300dan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari o‘zlarining 3800ga yaqin mahsulotlari namunalari, o‘zlashtirish rejalashtrilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari hamda istiqbolli loyihalari bilan qatnashmoqda.
Shuningdek, mazkur tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasi ham o‘zining ko‘rgazma stendi bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma stendida asosiy urg‘u kelib chiqishi import bo‘lgan mahsulotlarga qaratilgan bo‘lib, respublikamizning ishlab chiqaruvchilariga namoyish etish va ularning quvvatlarida o‘zlashtirishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, korxona tomonidan import o‘rnini bosuvchi 200 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda korxona tomonidan 6 ta loyiha bo‘yicha 15,8 mlrd, so‘mlik, shu jumladan, 5 ta yangi loyiha bo‘yicha (50 turdagi mahsulot) 3,9 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish belgilangan.
Jumladan, URB-ZAZ rusumli burg‘ilash uskunasi ehtiyot qismlarini ishlab chiqish;
Elektro cho‘ktirma nasoslar (EChN) ehtiyot qismlarini ishlab chiqish;
Uran ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida ishlatiladigan konstruksion qurulmalarni ishlab chiqish;
Uran ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida ishlatiladigan qurulma qismlarini ishlab chiqish;
Polivinilxlorid quvurlarni (127x30mm va 127x5mm) ishlab chiqarish.
Yarmarka davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan Elektron kooperatsiya portali orqali umumiy qiymati 15,3 mlrd so‘mlik 26 ta shartnomalar rasmiylashtirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, korxonaning import tovarlarini respublika korxonalarida mahalliylashtirish va ular bilan kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida 5 ta hamkorlik memorandumi imzolash kutilmoqda.
Ushbu tarmoqlararo sanoat yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, tovarlar yetkazib berish va xarid qilish borasida yangi aloqalar o‘rnatish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Yarmarka davomida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda tarmoq va hududlararo sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan V2V formatidagi uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbirlar mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning kengayishiga, kichik tadbirkorlik sub’ektlari, ayniqsa yangidan tashkil etilayotgan korxonalar mahsulotlariga bozor topish imkonini beradi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davom etmoqda.