“Navoiyuran” DKda uran zaxiralari qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiq baholash ishlarini tashkil etish maqsadida “DMT GROUP” kompaniyasi vakillari tashrif buyurishdi.
Kompaniya vakillari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Zafarobod” kon boshqarmasi, Uran ishlab chiqarish zavodi hamda ishlab chiqarish maydonlariga, jumladan Janubiy-Sharqiy “Jingeldi” koni uran qazib olish maydoni, texnologik burg‘ilash, geologik burg‘ilash va kern saqlash joylari faoliyati bilan tanishishdi.
Xususan, kompaniya vakillari Stephen Jones, Ernst Bernhard Teigler va Alexander Ihl bilan korxona bosh direktori J.Xasanov hamda mas’ul rahbarlar ishtirokida muzokaralar olib borildi. Muzokaralar davomida qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlari Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq zaxiralarni tasdiqlash bo‘yicha dastlabki taklif va tavsiyalar olinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar rejasi kelishib olindi.
Tashrif yakunida mehmonlar bilan birgalikda qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiq baholash yuzasidan texnik topshiriq loyihasini ishlab chiqishga doir tavsiyalari ko‘rib chiqilib, tegishli xulosalarga kelindi.
"Navoiyuran" DK axborot xizmati