Awesome Image

GEOLOGIYA-QIDIRUV ZAXIRALARNI O'STIRISHDA MUHIM BOSQICH

“Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy faoliyat turlaridan biri geologiya-qidiruv ishlarini olib borish orqali yangi istiqbolli uran konlarini izlab topish va zaxiralarni oshirishdan iborat. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 297-sonli qaroriga muvofiq 2024-yil uchun "Uran mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi” tasdiqlangan.

 

Geologiya-qidiruv ishlari orqali Bukantog‘ va Tomditog‘ tog‘larining yon bag‘irlaridagi uranga istiqbolli hududlarini o‘rganish, shuningdek, bashorat-tematik loyihalar doirasida olib boriladigan ishlar yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan.

 

Korxona tasarrufidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota” (Zafarobod, Konimex, Tomdi), “Bukantau” (Uchquduq, Tomdi, Zarafshon), “Zirabuloq” (Nurobod, Ziyovuddin) geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiya (Zafarobod, Konimex, Tomdi) lariga ushbu vazifa yuklatilgan. 

 

Hozirda ushbu ekspeditsiya geolog va mutaxassislari tomonidan hududlarda geologiya-qidiruv ishlari uchun burg‘ilash olib borilmoqda. 

 

Xususan, joriy yilda “Bukantau” GQE tomonidan Uchquduq tumanida joylashgan Uchquduq, Ziyokon, Mingboy, Maylisay, Tomdi tumanida joylashgan Qizilqoq, Auminza, Toshqo‘ra, Mullali, Nurafshon, Jasaga va Oqberdi dala maydonlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda. 

 

Buning samarasida GQEda bashorat resurslari va uran zaxiralarini o'stirish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 3 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borish ko‘zda tutilgan. 

 

Ayni paytda ekspeditsiyada 10 ta burg‘ilash qurilmalari mavjud. Ular yordamida o‘tgan 2023-yilda 203 ming pogona metr burg‘ilash ishlari bajarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni joriy yil yakunigacha 
270 ming pogona metrga yetkazish rejalashtirilgan.  

 

"Bukantau" GQEda mehnat faoliyatini olib borayotgan 300 nafarga yaqin muhandis-texnik xodimlar, geolog va burg‘ilovchilar ushbu vazifani o‘z muddatida amalga oshirish uchun sidqidildan mehnat qilishmoqda.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati