Awesome Image

"CHINA NUCLEAR URAN" VA “NAVOIYURAN” O’RTASIDA O'ZARO HAMKORLIK

Xitoy Xalq Respublikasining “China Nuclear Uranium Co. Ltd.” (CNUC) kompaniyasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘lishdi. 

 

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Navoiyuran” davlat korxonasi tasarrufidagi “Jantuar” va “Ma’danli” qora slanesli uran kon maydonlarida qazib olishni ko‘zda tutuvchi texnologiyalarni yaratish ustidagi tanishuv va o‘rganishlarni olib borishdan iborat. 

 

Kompaniya huzuridagi institut Bosh muhandisi Yang Runsheng boshchiligida mutaxassislar tashrif davomida korxona mutaxassislari bilan birgalikda qora slanesli uran kon maydonlariga tashrif buyurdi. Jumladan, "Ma’danli" hamda "Koscheka" maydonlarida shurf qazish ishlari bilan tanishildi. 

 

Shuningdek, "Ma’danli" maydonida qazib olingan texnologik namunalar o‘rganildi. Ushbu maydonni o‘zlashtirish, ma’dan tarkibidan uran va boshqa noyob elementlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida texnologik namunalar olindi hamda saralandi. 

 

Xitoylik mutaxassislar tashrif dasturiga asosan “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Dj.Fayzullayev bilan uchrashdi. Uchrashuvda qora slanesli uran kon maydonlarida qazib olishni ko‘zda tutuvchi texnologiyalarni yaratish ustidagi masalalar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. 

 

Ma’lumot o‘rnida: China Nuclear Uran Co. Ltd. uranni qidirish, qazib olish va qayta ishlash bilan shug'ullanadigan Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasining (CNNC) sho''ba korxonasi bo‘lib, kompaniya Xitoyning atom energetika sanoatini rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi.

 

Kompaniya Xitoydagi bir nechta uran konlariga, jumladan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Ili koniga egalik qiladi va boshqaradi. Kompaniya, shuningdek, Namibiya va Qozog'iston kabi boshqa mamlakatlarda uran qazib oluvchi qo'shma korxonalarda ham ishtirok etadi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati