Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali kasaba uyushmalarining yuzlab a’zolarini, kasaba uyushmasi faxriylarini va xodimlarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan bayram — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ayni paytda, korxonamizda 28 ta kasaba uyushmalari o‘z safida 9300 nafardan ziyod a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Bugungi kunda kasaba uyushmalari korxonamiz huquqiy-ijtimoiy va mehnat sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishda har tomonlama ishtirok etish uchun yuqori tajriba va tashkiliy salohiyatga ega.
Kasaba uyushmalari o‘z faoliyatida “Inson qadri uchun” tamoyilida belgilangan bag‘rikenglik, saxovatpeshalik, birdamlik, adolat va mehnatkashlarni hurmat qilish tamoyillariga qat’iy amal qiladi.
Shubhasiz, kasaba uyushmalarining salmoqli yutuqlari ortida uning barcha a’zolari, ya’ni sizlarning kasbiy malakangiz, tinimsiz mehnatingiz yotadi. Fursatdan foydalanib, safimizda shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan va hamjihatlikda ish olib borayotgan barcha kasaba uyushma a’zolariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Korxonamizda uzoq yillar mehnat qilib, kasaba uyushmalarining faol a’zosi bo‘lgan, uning an’analarini yangi avlodga yetkazishga hissa qo‘shgan faxriylarimizga alohida tashakkur bildiraman. Sizning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatingiz, mehnatkash inson manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan bebaho hissangiz uchun samimiy minnatdorlik so‘zlarimni qabul qiling.
Aziz do‘stlar!
Oldimizga qo‘yilgan ustuvor vazifalarni samarali ta’minlash maqsadida so‘nggi uch yilda kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Shubhasiz, korxonamizning barcha tarkibiy bo‘linmalari, uchastka va sexlarida mehnat qilayotgan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash ishlarida bo‘layotgan katta o‘zgarishlarda sohaning barcha birlashgan kasaba uyushmalari xodimlari va faollarining xizmatlari katta.
Ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, ish vaqtida jarohat olgan va yolg‘iz keksalar bilan ishlash, shuningdek, kasaba uyushmalarining iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning salohiyatini sezilarli darajada oshirish, o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy-mehnat huquq va manfaatlarini himoya qilishda ularning rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan keyin ham yoshlarning o‘zini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga intilamiz.
Bugun biz korxonamizda ijtimoiy adolat va barqarorlikni saqlash borasida serqirra ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Albatta, ishlab chiqarish hajmining oshishi kasaba uyushmalari oldiga yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda. 6-birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari barcha qiyinchilik va g‘alabalarni mehnatkashlar bilan birgalikda baham ko‘rgan holda Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun faol ishtirok etishda davom etadi.
Kezi kelganda korxonamiz kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsam. Ishchi-xodimlar uchun teng imkoniyatlarni yaratish maqsadida joriy yilning 9 oyi davomida korxona va ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan 1643 nafar ishchi-xodimlarga va 185 nafar pensionerlarga yo‘llanmalar ajratilib, sog‘liqlarni tiklash uchun sanatoriy-profilaktoriyalarga yuborildi. Shuningdek, korxona ishchi-xodimlarning farzandlari uchun 1690 nafari respublika miqyosidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishlari ta’minlandi.
Yil davomida turli bayram sanalariga bag‘ishlab, 1330 nafar ishchi xodimlar va pensionerlar uchun Respublikamizning Toshkent, Buxoro, Xiva, Samarqand, Shahrisabz kabi shaharlari, Sentob turizm qishlog‘iga turistik sayohatlar tashkillashtirildi.
Kasaba uyushmasi budjeti mablag‘lari va birdamlik fondi hisobidan kam ta’minlangan, ehtiyojmand, yordamga muhtoj ishchi-xodimlar va pensionerlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Buning uchun 713,4 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.
Qadrli hamkasblar!
Ishonamanki, korxonamizda mehnatkashlar huquqlarini alohida hurmat qilish va himoyasini ta’minlash uchun har biringiz o‘z sa’y-harakatlaringiz va tashkilotchilik qobiliyatingizni sarflaysiz. Bundan keyin ham bu yo‘lda siz yosh avlodga o‘rnak bo‘lasiz.
Hozirgi kunda korxonamiz barqaror rivojlanayotganini barchangiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibsizlar.
O‘tgan tarixan qisqa vaqt davomida korxonada “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, imkon qadar og‘ir qo‘l mehnatini bartaraf etish, avtomatlashtirilgan tizimga o‘tish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Zero, o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan va ezgu vazifalarni amalga oshirish, “El aziz, inson aziz” degan olijanob g‘oyani korxonamizda qaror toptirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirish ko‘p jihatdan kasaba uyushmalari va ularning samarali faoliyatiga ham bog‘liqdir.
Aziz do‘stlar!
Men yana bir bor Sizlarni kasaba uyushmalari kuni bilan muborakbod etaman. Bugungi bayramda sizlarga va oilalaringizga fayzu baraka, mehnatingiz samarasini ko‘rib yurishingizni, mustahkam sog‘lik va uzoq umr tilayman! Kasaba uyushmalarining hamjihatlik tamoyillariga asoslangan shonli an’analari yanada mustahkamlansin, umumiy ishimiz mehnatkashlarimiz farovonligi yo‘lida yuksak marralarni olib kelsin. Mehnat jamoasining kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonchi bundanda yuksalaversin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!